Hayotiy qiyinchiliklarni yengib oʻtishni oʻrgatadigan eng yaxshi 7 ta asar

E’lon qilingan sana· 901
Hayotiy qiyinchiliklarni yengib oʻtishni oʻrgatadigan eng yaxshi 7 ta asar

Shunday kitoblar boʻladiki, ularni oʻqigach, yashashga, hayotdagi qiyinchiliklarni yengib oʻtishga, sabr qilishga kuch topamiz, ilhomlanamiz. Biz siz uchun aynan shunday kitoblarni bir joyga jamladik va ular haqida batafsil soʻzlab beramiz.

“Chegarasiz hayot”, Nik Vuychich

Original nomi: Life Without Limits
Rus tilida: “Жизнь без границ”

Nik Vuychich — hayotga boʻlgan oʻziga xos muhabbat va optimizmning yorqin namunasidir. Qo‘l-oyoqsiz tug‘ilgan bu inson to‘liq mustaqil bo‘lib, to‘laqonli hayot kechira oldi, ikkita oliy ma’lumot ega boʻlib, oila qura oldi.

Vuychichning kitobi — oʻzingizni qanday boʻlsangiz shunday qabul qilish, hayotdagi qiyinchiliklarni yengish va baxtli boʻlishni oʻrganish haqidagi ilhomlantiruvchi hikoya. Kitob faqat quvonchli daqiqalardan iborat boʻlmaydi, jumladan, Nik oʻzining ahvolini qabul qilib, oʻz joniga qasd qilish istagidan voz kechish qanchalik qiyin boʻlganligi haqida ochiq gapiradi.

Oʻzbek tiliga tarjima qilingan.


“Sen mening hayotimni oʻzgartirding”, Abdel Sellu

Original nomi: “You Changed My Life”
Rus tilida: “Ты изменил мою жизнь”

“1+1” nomli mashhur filmni tomosha qilgansiz-a? Bu real voqea va ushbu kitob aynan shu haqda.

Ushbu kitobda ikki qahramon va ularning doʻstligi haqida soʻz boradi. Ularning ikkalasida oʻziga yarasha qiyinchiliklar bor edi. Ammo ular bir-biri bilan tanishib, doʻstlashib olgach, hammasi oʻzgaradi. Nogiron boʻlib qolgan aristokrat va ishsiz muhojir bir-biriga bogʻlanib qoladi va bir-biri uchun eng yaqin odamlarga aylanishadi.

Oʻzbek tiliga tarjima qilingan.


“Afsungarlar tuhfalari”, O.Genri

Original nomi: The Gift of the Magi
Rus tilida: “Дары волхвов”

Ushbu kitob har qanday yoshdagi inson uchun kitob koʻrinishidagi antidepressant rolini bajara oladi.

Bosh qahramonlar er-xotin — Della va Jim umuman pulsiz qolishgan. Rojdestvo yaqinlashmoqda, ular bir-birlariga sovgʻa sotib olish haqida bosh qotirishmoqda. Ular bunga pulni qayerdan olishadi? Noilojlikdan ularning har biri mustaqil qarorga kelishadi. Della oʻzining maftunkor sochlarini sotadi va eriga uning sevimli tilla soatiga juda mos keladigan zanjir sotib oladi. Jim Della uchun taroqlar toʻplamini sotib olish uchun oʻz soatini sotadi…

Oʻzbek tiliga tarjima qilingan.


“Xoʻrlanganlar”, Viktor Gyugo

Original nomi: Les Misérables

Rus tilida: “Отверженные”

Viktor Gyugoning eng buyuk asarlaridan biri jamiyat tomonidan rad etilgan, xoʻrlangan odamlar haqida hikoya qiladi. Syujetning markazida ana shunday insonlardan biri — Jan Valjan boʻlib, u singlisining och qolgan yetti nafar farzandi uchun bitta non o‘g‘irlagani uchun 19 yillik katorgaga (majburiy mehnat) hukm qilinadi. Yillar davomida Jan gʻazablanib boraveradi, uning oʻtmishi sababli odamlar uni chetlashadi, oʻzlaridan uzoq tutishadi. Bu kitobni oʻqiyotib, sizni qanday kutilmagan burilishlar kutayotganini va Jan Valjan qanday qilib bunday vaziyatdan chiqib ketishini bilmaysiz.

Oʻzbek tiliga tarjima qilingan.


“G‘azab shingillari”, Jon Steynbek

Original nomi: The Grapes of Wrath

Rus tilida: “Гроздья гнева”

“Gʻazab shingillari” romani uchun Steynbekka “Pulitser” mukofoti berilgan. Unda voqealar Buyuk Depressiya davrida boʻlib oʻtadi. Asar qurgʻoqchilik va moliyaviy qiyinchiliklar tufayli Oklaxomadagi uyini tark etishga majbur boʻlgan kambagʻal fermer oilasining hayotiga bagʻishlangan. Umidsiz vaziyatga tushib qolgan Joudlar oilasi minglab boshqa ishsiz oilalar bilan Kaliforniyaga yoʻl oladi. U yerda ular bir amallab kun koʻrishga va yangi hayot boshlashga umid qilishadi. Baxtli kelajakka ishonch va oila duch kelishi mumkin boʻlgan qiyinchiliklar — bularning barchasini Steynbek oʻz kitobida batafsil tasvirlab bergan.

Oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan.


“Ingliz bemori”, Maykl Ondatje

Original nomi: The English Patient

Rus tilida: “Английский пациент”

Roman Ikkinchi Jahon urushi oxirida tashlandiq italyan villasiga kelib qolgan odamlarning toʻrt nafar yaradorning taqdiri haqida hikoya qiladi. Voqealar markazida “ingliz bemor” boʻlib, u kimligini aniqlab boʻlmas darajada qattiq kuygan edi. Bemorning oʻzi har bir qahramon uchun ma’lum bir timsolga aylanadi: kimgadir u (urushda qutqara olmagan) otasini eslatadi, yana kimgadir urushda halok boʻlgan ustozini esga soladi. “Ingliz bemorining” oʻzi esa oʻtmishdagi muhabbati, choʻllar va odamlar bilan bogʻliq xotiralarini esga oladi.

Oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan.


“Tanlov”, Edit Yeva Eger

Original nomi: The Choice: Embrace the Possible

Rus tilida: “Выбор”

Ushbu bestsellerni oʻqishni hatto Bill Geyts va Opra Uinfri ham tavsiya qilgan.

Asar urush paytida oʻlim lagerlarida omon qolgan va keyinchalik taniqli psixologga aylangan ayol tomonidan yozilgan. Ikkinchi jahon urushi oxirida 16 yoshli balerina Edit Eger konslagerlarning barcha dahshatlarini, ota-onasining oʻlimini koʻrishga majbur boʻlgan va omon qolish uchun kurashgan. 1945-yil 4-mayda uni koʻplab jasadlar orasidan qutqarib olishadi. Qiynoqlar, ochlik va doimiy oʻlim tahdidi uni sindirmadi, aksincha unga hayotiy kuchga va ma’naviy erkinlikka erishishga yordam berdi. Ushbu kitob sizga umid baxsh etadigan ajoyib hikoya.

Oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ